alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

INSTITUTDA “KARYERA KUNI” MEHNAT YARMARKASI O‘TKAZILDI

14:50 14.05.2024

Bugun, 14-may kuni Andijon davlat tibbiyot institutida talabalar va o‘qishni tamomlayotgan bitiruvchilar bilan ish beruvchilarning jonli muloqotini tashkil etish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida maʼlumotlar berish hamda talabalarning bandligini taʼminlash maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbir qatnashchilari harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan musiqa sadolari ostida koʻtarinki ruhda kutib olindi. Shundan so‘ng, harbiy chiqishlar namoyish etildi. Mazkur tadbirni institutni O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori B.Abdullajonov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Mehnat yarmarkasida institutning asosiy buyurtmachi tashkilotlari hamda 50 dan ziyod boshqa korxona va tashkilotlar ishtirok etdi.

Dastlab, institut bitiruvchilari bilan ish beruvchi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda ish beruvchi korxona va tashkilotlar masʼul xodimlari o‘z faoliyatini yorituvchi ko‘rgazmali jihozlar va bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar bilan qatnashib, talabalar orasida ishga qabul qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazdi.

Joriy o‘quv yilida institutni 1600 nafardan ziyod bitiruvchi tamomlab, diplom oladi. Mehnat yarmarkasi esa ushbu bitiruvchilarga o‘zlarini yo‘nalishlari bo‘yicha munosib ish o‘rinlari topishlarida xizmat qiladi.

Institutda Karyera markazi boʻlimi faoliyat olib bormoqda. Bo‘lim ish beruvchi va talabalar uchrashuvlarini doimiy tarzda tashkillashtirib kelmoqda. Bugun o‘tkazilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi ham shunday tadbirlarning ramziy davomi sifatida tashkil etilib, unda ish izlayotgan ko‘plab talabalar ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda talabalar va institut bitiruvchilari ishga joylashish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topdi. Tadbir yakunida tashkilot va muassasalar rahbariyatiga tadbirda faol ishtirok etganligi uchun institut rektorining maxsus tashakkurnomalari topshirildi.

 

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!