Dunyo miqyosida urologik kasalliklar keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, asosan, sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik, kamharakatlilik natijasida semizlikning rivojlanishi turli urologik muammolarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, noqulay iqlim sharoiti ham bu turdagi xastaliklar tarqalishining omili hisoblanadi.
Yurtimizda ham mazkur yo‘nalishda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bugungi kunda zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan samarali foydalanib, bemor tanasiga tig‘ tekkizmasdan yoki kichik kesmalar orqali bajariladigan operatsiyalar, jarrohlikning kam invaziv usullari amaliyotda keng qo‘llanilmoqda.
Bu kabi amaliy ishlarni yanada rivojlantirish va xalqaro tajriba almashish maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bugun, 17-may kuni institutda “Urologik kasalliklarni davolashga innovatsion yondoshuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib, ushbu mavzuning dolzarbligi va ahamiyati haqida so’z yuritdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng so‘z olgan Toshkent tibbiyot akademiyasi Urologiya kafedrasi mudiri F.Akilov, Keimyung tibbiyot instituti dekani Kim Hee-Cheol (Janubiy Koreya) anjuman qatnashchilarini tabriklab, anjuman ishiga omad tiladi.
Mazkur anjumanda Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston davlatlaridan 20 nafardan ziyod xorijlik mutaxassislar va respublikamiz viloyatlaridan 100 nafarga yaqin soha mutaxassislari gibrid (onlayn, oflayn) tarzda ishtirok etdi.
Unda “Surunkali abakterial prostatitni kompleks davolashda giperkapnik gipoksiya”, “Prostata kasalliklarini davolashda superselektiv embolizatsiya”, “Urogenital tuberkulyozni jarrohlik yo’li bilan davolash”, “Tashqi genitouriner organlarning tug‘ma va orttirilgan kasalliklarini davolashning zamonaviy rekonstruktiv usullari”, “Shoshilinch urologiyada urolitiyoz uchun zamonaviy urotexnologiyalar”, “Xavfsiz prostata giperplaziyasini jarrohlikda davolash: kecha va bugun”, “Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda siydik ushlay olmaslikni tashxislash va davolash usullari”, “Nefrektomiya operatsiyasidan keyin limfa terapiyasining roli”, “Neyrourologiyaga kirish”, “Peyroni kasalligi uchun konservativ yoki jarrohlik davolashni tanlash”, “Buyrak toshlarini davolash: standartlar va innovatsiyalar” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qib eshittirildi.