Bugun, 22-may kuni Andijon davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida 2024-yil 5-fevral kuni “Taʼlim sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar” mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan o‘quv-amaliy seminar tashkil qilindi.
Mazkur seminar institut, Andijon viloyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Seminar avvalida institutga qator shahar, tumanlardan biriktirilgan 12 ta umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar iqtidorli o‘quvchilarining erishgan yutuqlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. O‘quvchilar tomonidan she’rlar ijro etildi.
O‘quv-amaliy seminarni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi va uchrashuv davomida hamkorlikdagi asosiy ishlarni belgilab berish, kelgusida maktab bitiruvchilarni OTMga kirishdagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasida nafaqat yoshlar, balki, asosiy fanlardan dars berayotgan o‘qituvchilarning bilim, ko‘nikmalarini oshirish, ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishdek muhim vazifalarni belgilashga zamin yaratishini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Andijon viloyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Madazimov “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 11-son yig‘ilish bayonida qo‘yilgan ustuvor vazifalar” mavzusida, institutning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori B.Abdullajonov “OTM va maktablar hamkorligi” mavzusida, Shahrixon tumani 56-maktab direktori “Yangi O‘zbekiston yoshlarini barkamol, komil inson qilib tarbiyalashdagi muammo va yechimlar” hamda Marhamat tumani ixtisoslashtirilgan maktabi direktori M.O‘rinovaning “Ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilarini OTMga yo‘naltirish” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Seminar qatnashchilari institutda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazilgan adabiy uchrashuvda ham ishtirok etdi.