Hukumat qarori (322-son, 09.06.2022 y.) bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat oliy ta’lim muassasalariga (Keyingi o‘rinlarda – OTM) alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Bunda o‘qishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga har yili 1 maydan 1 iyungacha ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza va hujjatlar tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari huzuridagi Ishchi guruhlari tomonidan 7-iyungacha ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha Qo‘mitaga taqdim qilinadi. Hujjatlar Qo‘mita tomonidan 14-iyungacha ko‘rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
Ishchi guruh har yili 15-iyungacha tavsiyanoma talabgorlarga yetkazilishini ta’minlaydi. Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar davlat OTM bakalavriatining kunduzgi, kechki, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga hujjat topshirishlari mumkin.
Bu muhim! Хotin-qizlarga tavsiyanoma berilganligi uni o‘qishga kirganligini anglatmaydi.
Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi.
Kirish imtihonlari yakuniga ko‘ra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.
Batafsil ma’lumotni www.wcu.uz (EʼLON! (wcu.uz havola orqali) sayti yoki
71-202-10-76 telefon raqami orqali olish mumkin.