Bugun, 25-may nafaqat maktab bitiruvchilari balki, barchani qalblariga o‘zgacha hayajon to‘ldiradigan kun. Maktab bitiruvchilari “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari ostida qadrdon taʼlim maskani bilan xayrlashadilar.
Andijon davlat tibbiyot institutiga biriktirilgan shahrimizdagi 18-umumtaʼlim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri tashkil etildi. Unda maktab jamoasi qatori institutning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori B.Abdullajonov ishtirok etdi. Tadbirda so‘z olganlar bitiruvchilarga oq yo‘l tilab, kelajakda izlanishdan charchamay, ulkan marralar sari olg‘a qadam tashlashlarini taʼkidladilar. Shuningdek, eng faol bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ota-onlariga tashakkurnomalar taqdim etildi.
Tadbirning badiiy qismida o‘quvchilar tomonidan kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi. Ustozlarga bergan bilimlari uchun minnatdorchilik va sinfdoshlarga xayrlashuv tilaklari joy olgan sheʼrlar yurakdan aytilib, yuraklarga yetib bordi. “Xayr, maktabim” qo‘shig‘iga esa barcha yig‘ilganlar ko‘zda yosh bilan jo‘r bo‘ldilar.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” esa maktab bag‘ridan uchirma bo‘layotgan bitiruvchilarga so‘nggi bor jarangladi.