Oila va oila muammolari hamisha davlatimizning diqqat-e’tibori va himoyasida bo‘lib kelmoqda. Oila qurishdan maqsad – o‘zidan nasl qoldirib, faqat farzandni dunyoga keltirish emas, balki ularni ma’naviy va jismoniy kamol toptirib, hayotga mustaqil qadam qo‘yishiga sharoit yaratishdir.
2019-yil 4-may kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, yosh oilalar ajralishlarining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
“Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” mavzusidagi davra suhbatini institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori P.Asxanov ochib berdi. Tadbirda “Eski gumbaz” jome’ masjidi imom xatibi B.Ro‘ziboyev, “Adolat” SDP Izbozkan tuman Kengashi deputati Z.Yakubova, shahar bosh otinoyisi Sh.Nuraliyeva, Andijon shahar IIB hududiy profilaktika inspektori M.Qodirovlar so‘zga chiqib, oilalarni mustahkamlashga qaratilgan dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildilar..
Davra suhbatiga taklif etilgan mutaxassislar tomonidan bugungi kunda har bir oilalarning salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarni oilaga tayyorlash, oila qurish arafasida turgan yoshlarni ezgulikka poklikka e’tibor berishlari, eng asosiysi farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish har bir ota-onaning burchi ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Suhbat yakunida talabalar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutasaddi xodimlardan to‘laqonli javoblar oldilar.