Insoniyat taraqqiyotning yangi-yangi cho‘qqilarini zabt etmoqda. Biroq jahonda xalqlar, millatlar kelajagiga tahdid soluvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shunday xatarlardan biri giyohvandlik balosidir. Global muammoga aylangan ushbu illatga qarshi kurashishda barcha birdek harakat qilmog‘i zarur.
Joriy yilning 21-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Giyohvand moddalar, turli psixotrop dori vositalar ta’siriga tushib qolishga qarshi immunitetni shakllantirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda institut psixologi O‘.Arziqulov hamda “Psixiatriya va narkologiya” kafedrasi o‘qituvchisi I.Kozimjonova tomonidan narkotik, psixotrop, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarga bog‘liq holatlar hamon uchrab turganligi, ushbu illatga qarshi birgalikda kurashish kerakligi haqida tushunchalar berildi. Ushbu illatdan eng avvalo o‘zlari ogoh bo‘lishlari va boshqalarga ham bu haqida tushuntirishlari nuhimligi haqida aytib o‘tildi.
Shuningdek, tadbir davomida taqiqlangan moddalar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarga qo‘llaniladigan choralar, giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan shaxslarning taqdiri haqida fikrlar bildirildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblarni oldilar. Davra suhbati yakunida psixotrop moddalarning salbiy oqibatlari aks etgan videorolik namoyish etildi.