Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi AQSHning Klivlend klinikasi va Franklin universiteti tajribasini o‘rgandi – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi AQSHning Klivlend klinikasi va Franklin universiteti tajribasini o‘rgandi

11:30 24.08.2024

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish barcha sohalar qatori oliy tibbiy ta’lim muassasasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Shu boisdan Andijon davlat tibbiyot instituti tibbiyoti rivojlangan ko‘plab mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Jumladan, institut rektori M. Madazimov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarida xizmat safarida bo‘lib qaytdi.

Dastlab dunyoning eng kuchli tibbiyot muassasalari reytingida so‘nggi 10 yillikda muntazam Top-3 talikdan joy olib kelayotgan Klivlend (Cleveland) klinikasi rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xususan, muassasa vitse prezidenti Tommaso Falkone va boshqa masʼullar ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqotlarda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi. Shuningdek, klinikaning ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalar bo‘yicha rahbari Metyu Krox innovatsion loyihalar va ilmiy sohadagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimot qildi.

Shundan so‘ng institut rektori boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Klivlend klinikasi Nevrologiya markazi boshlig‘i, professor Muhammad Shazam Hussain bilan uchrashdi.

Muloqot davomida nevrologiya va neyrojarrohlik sohasida Klivlend klinikasining innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi taqdimoti namoyish etildi. Unda epilepsiyani jarrohlik yo‘llari bilan davolash, insult hamda miya qon-tomir kasalliklarining oldini olish bo‘yicha yangi va zamonaviy usullar haqida keng maʼlumotlar berildi.

Kunning ikkinchi yarmida institut delegatsiyasi – professor-o‘qituvchilar, kardioxirurg mutaxassislar kardiojarrohlik bo‘yicha malaka va tajriba oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Ular Klivlend klinikasi Keys Vestern universiteti shifoxonasida o‘tkazilgan aortaning asos qismini protezlash jarrohlik operatsiyasida ishtirok etdi.

Safar davomida muassasaning dunyoga mashhur biolaboratoriyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Jumladan, klinikaning bosh tadqiqotchi muhandisi Ryan Klatte laboratoriya xodimlarining odam tanasi aʼzolarini 3D modellashtirish, kompyuter tomografiyasidan so‘ng bemor aʼzolarini virtual shakllantirish va 3D printerda sunʼiy tana aʼzolari protezlarini yaratish hamda anatomik jihatdan ideal implant modelini ishlab chiqish bo‘yicha erishgan yutuqlari haqida mehmonlarga batafsil maʼlumot berdi.

Uchrashuvda bu kabi ilg‘or tajribani Andijon davlat tibbiyot instituti qoshida barpo etilgan yangi laboratoriya amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha AQSHlik mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.

Shuningdek, tashrif doirasida institut rektori boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Franklin universiteti rektori, vitse-prezidenti, Global hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, Sog‘liq fanlari fakulteti dekani, magistratura va doktorantura bo‘limlari boshliqlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ikki tomonlama muloqotlarda Franklin universiteti va Andijon davlat tibbiyot instituti o‘rtasida tibbiy informatika, oliy hamshiralik, jamoat salomatligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma taʼlim dasturlarini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Shu bilan birga, Franklin universitetining o‘quv jarayonlarida foydalanilayotgan pedagogik texnologiyalar, masofaviy taʼlim berish va imtihon olishda qo‘llanilayotgan innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishilib, multimedia xonalarning ish jarayoni o‘rganildi.

Institut vakillari safar davomida Keys Vestern universiteti kasalxonasida o‘tkazilgan qator operatsiyalarda ham ishtirok etib, mazkur jarayonlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Unda robot apparat — Da Vinci sistemasi asosida 2 nafar bemorda “Aorta koronar shuntlash” tashrixi o‘tkazildi.

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimovning navbatdagi uchrashuvi O‘zbekistonning AQSHdagi favqulodda va muxtor elchisi F.Siddiqov bilan bo‘ldi.

Suhbatda elchi yurtimizda yuqori salohiyatli kadrlar ko‘pligi, ayniqsa, tibbiyot sohasini rivojlantirishga davlatimiz rahbari tomonidan katta eʼtibor qaratayotganligini taʼkidlab, mutaxassislarning xalqaro miqyosda tajriba almashishlari soha rivojiga munosib hissa qo‘shishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, muloqotda Andijon davlat tibbiyot instituti va AQSHning nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamda klinikalari bilan malaka oshirish, akademik almashinuv va qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi.

 

 

Skip to content Click to listen highlighted text!