Andijon davlat tibbiyot institutida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar va faol talabalar ishtirok etdi.
Dastavval sana munosabati bilan Yangi Andijonda barpo etilgan “Vatanparvar” bog‘ida o‘tkazilgan bayram tadbiri onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatildi. Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bayram munosabati bilan ustozlarga o‘z tabrigini yo‘lladi.
Shundan so‘ng institut rektori M.Madazimov ham bayram qatnashchilarga o‘z tabrigini yo‘lladi. Davlatimiz tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, joriy yilda institutimizda erishilgan yutuqlar haqida batafsil to‘xtalib, o‘qituvchilarning kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
– “Bugungi bayram bizning jamoamiz uchun ikki karra quvonarli bo‘ldi. Boisi, institutning 4 nafar professor-o‘qituvchisi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, 4 nafari tashakkurnoma, 7 nafari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, 1 nafari vazir faxriy yorlig‘i, institut professor-o‘qituvchilarining 40 nafari viloyat hokimi faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Ushbu yutuqlar bilan barcha ustozlarimizni samimiy qutlayman”- dedi institut rektori.
Iliq tabriklardan so‘ng faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan professor-o‘qituvchilarga hamda faxriy ustozlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bayram tuhfasi ustozlarimizning kayfiyatiga quvonch, yanada shijoat qo‘shgan bo‘lsa ajabmas! Bunday e’tibordan ruhlangan o‘qituvchilar ham institutimiz jamoasiga o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.
Tabriklar qo‘shiqlarga, sho‘x taronalar esa raqslarga ulandi.