Andijon davlat tibbiyot institutining Stomatologiya fakultetida taʼlim sifatini yanada oshirish, fakultet tarkibidagi stomatologiya mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari tomonidan aholiga sifatli tibbiy-stomatologik xizmat ko‘rsatishni tashkillashtirish, talabalarga klinik o‘quv amaliyotlarini olib borish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida institut rektori M.M.Madazimovning tashabbusi bilan institut qoshida stomatologiya o‘quv-amaliy markazini tashkil etish rejalashtirilgan edi.
Mazkur markazni tashkillashtirish doirasida institut rektorining tegishli buyrug‘iga asosan Stomatologiya fakulteti dekani F.O‘rinov, dekan o‘rinbosari X.Qurbonov, Ortopedik stomatologiya va ortodontiya kafedrasi mudiri R.Raimjonov va Terapevtik stomatologiya kafedrasi mudiri B.Usmonovdan iborat institut delegatsiyasi Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Bugun, 9-oktabr kuni delegatsiya aʼzolari Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Sh.J.Teshayev bilan uchrashdi. Dastlab institutning asosiy binosi, stomatologiya bo‘yicha fantom zallariga va institut klinikasi bilan yaqindan tanishildi.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya aʼzolari Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi Stomatologiya ilmiy-amaliy va o‘quv markaziga bordi. U yerda markazni tashkil etilishi jarayoni, hozirgi kundagi faoliyati, tashkiliy tuzilmasi, markaz tarkibidagi bo‘limlar to‘g‘risida maʼlumotlar olindi. Markazdagi o‘quv va amaliyot xonalari bilan tanishildi. Shuningdek, markazdagi stomatologiya mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari bilan tajriba almashish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazildi va ular tomonidan olib borilgan dars jarayonlarida qatnashildi.
ADTI delegatsiyasining Buxoro shahriga bo’lgan safari davom etmoqda.