Andijon davlat tibbiyot institutida Hindistonning “ACN group of Institutions” kompaniyasi rahbari Dr.M.S.Khan, Aligarh Ayurvedic Medical Institute rahbari va professorlari o‘z mahorat darslarini boshlab yuborishdi.
Bugun, 11-oktabr kuni Ilmiy kengashlar zalida institutimizning Xalq tabobati yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari va talabalariga mahorat darslari olib borildi. Unda tinglovchilarga Ayurveda to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, Ayurveda instituti Hindiston xukumati tashabbusi bilan 2009-yilda tashkil etilgan bo’lib, 2017-yilda muassasaga milliy institut maqomi berilgan. Hindiston Ayurveda institutida bir vaqtning o’zida akademik va amaliy faoliyat tashkil etilgan. Bugungi kunda institut tarkibida xalq tabobatining turli yo’nalishlarida magistratura va doktorantura bosqichlarida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy o’quv yurti va 200 o’ringa ega klinika mavjud. Shuningdek, ushbu institut 20 dan ortiq xalq tabobati yo’nalishidagi xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatgan.
Xuddi shu mavzularda olib borilgan mahorat darslarida o‘qituvchilar va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldilar.
Mahorat darslaridan so‘ng Ayurveda instituti vakillari Izboskan tumanidagi “Tasir” zulukchilik fermer xo‘jaligida bo‘ldilar. U yerda mutaxassislar zuluk ishlab chiqarish texnologiyasi, shart-sharoitlar, xalq tabobatida zulukdan foydalanishning samarali yo‘llari xususida suhbatlashib, o‘zaro fikr almashdilar.