Bugun, 11-oktabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun” shiori ostida forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib, barcha talaba-qizlarni bayram bilan samimiy qutladi.
- Bugun mamlakatimizda qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarli shart-sharoitlar yaratib berishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Institutimizning lobar qizlari ham bu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ulkan yutuqlarga erishib kelmoqda. Talaba-qizlarimizning bu yutuqlari meni juda quvontiradi va faxr bag‘ishlaydi. Doimo yuzlaringiz baxtdan porlab tursin. Sizlarga ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilayman, -dedi institut rektori.
Shundan so‘ng, institutda “Qizlar haftaligi” doirasida Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy, sport tadbirlarida faol ishtirok etgan talaba-qizlar, “Qizlarjon” klubining tashabbuskor a’zolari institut rektori tomonidan bazaviy stipendiyaning bir barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. Qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining bayram turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar: 1-o‘rin sohibalari bazaviy stipendiyaning ikki barobari, 2- va 3-o‘rin sohibalari esa bazaviy stipendiyaning bir barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Institutning “Qizlarjon” klubi raisasi, Stomatologiya fakulteti 2-bosqich talabasi M.Abduqahhorova qizlar nomidan so‘z olib, institutda talaba-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotganligi uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi. Bunga javoban esa intilish va harakat bilan institutning barcha qizlari bilan birgalikda ulkan maqsadlarga erishishga shayligini bildirdi.
Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti faollari tomonidan kuy-qo‘shiq va she’rlar ijro etildi.
Institutning lobar qizlari tomonidan taqdim etilgan milliy liboslar namoyishi go‘zallik va nafosat taqdimoti sifatida qarshi olindi. Atlas, adras, beqasam matolarining o‘ziga xos uyg‘unligi qizlar chiroyiga yanada ko‘rk bag‘ishladi.
Institutning “Ulfatlar” nomli “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi tadbir qatnashchilariga o‘zlarining samimiy hazillari bilan ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyat bo‘linmasi xonandalari tomonidan ijro etilgan sho‘x kuy-qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.