Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“TALABALIKKA BAG‘ISHLOV” MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIRI O‘TKAZILDI

11:54 15.10.2024

Bugun, 15-oktabr kuni “Universal” sport majmuasida Andijon davlat tibbiyot institutiga 2024/2025-o‘quv yiliga qabul qilingan 1-bosqich talabalari uchun “Talabalikka bag‘ishlov” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. So‘ng, institut rektori M.Madazimov so‘zga chiqib, bu yilgi o‘quv yiliga qabul qilingan talaba-yoshlarga ko‘plab ezgu-tilaklar bildirdi.

  • Aziz talabalar, qadrli o‘g‘il, qizlarim! Bugun siz minglab yoshlar orasidan o‘z bilimingiz, intilishingiz bilan aniq maqsadi uchun harakat qilib, safimizga qo‘shilldingiz. Sizlarni ushbu yutuq bilan samimiy qutlayman. Bizning katta oilamizga xush kelibsizlar! Institutimizning professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda sizlarning orzu-maqsadlaringizga erishishingiz, yetuk mutaxassis bo‘lishingizda hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu yo‘lda siz ham aslo to‘xtamag. Aniq rejalar tuzib, ular tomon dadil qadam tashlang! Zero, mamlakatimizda siz yoshlarning o‘sib, rivojlanishingiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, – dedi institut rektori.

Shundan so‘ng, joriy o‘quv yili kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan talabalarimizga baholash daftarchasi hamda ramziy kalitni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Institut professor-o‘qituvchilari, ota-onalar va talabalar tomonidan tabrik so‘zlari aytib o‘tildi.

Har yili o‘tkaziladigan an’anaviy tadbir davomida talabalar o‘z qasamyodlarini qabul qilar ekan, butun faoliyatlarini ona diyorimiz va uning buyuk kelajagiga baxshida etishga, Vatan taraqqiyoti yo‘lida astoydil harakat qilib yuqori malakali mutaxassis bo‘lishga, ota-ona oldidagi farzandlik burchini unutmaslik, uni to‘la ado etish uchun bor bilimlarini bag‘ishlashga, tanlangan mutaxassislik bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni muntazam ravishda o‘zlashtirishga qasamyod qildilar.

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyat bo‘linmasi xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, davraga chorladi.

Shu o‘rinda, barcha talabalarga qasamyodlariga sodiq qolgan holda, yurtimiz dovrug‘ini balandlarga yuksaltirib, kelgusida porloq va yorqin kelajakning munosib farzandlari bolishlariga tilakdoshmiz.

 

Skip to content Click to listen highlighted text!