Andijon davlat tibbiyot institutida xorijlik talabalarning soni kundan-kun ortib bormoqda. Ularning sifatli ta’lim olishlari, yashashlari uchun yaxshi sharoitlarni yaratib berish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun, 6-noyabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutiga O‘zbekistonda Hindiston elchixonasining 3 nafar vakillari tashrif buyurdi. Mehmonlar tantanali kutib olindi.
Shundan so‘ng Institut rektori M.Madazimov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor F.Rasulov Hindiston elchisi Ms.Smite Pant hamda 2 nafar elchixona konsullari bilan muloqot olib bordilar.
Uchrashuvdan maqsad elchixona vakillari Andijon davlat tibbiyot instituti bilan yaqindan tanishish, 1-bosqichga qabul qilingan hindistonlik talabalar bilan uchrashib, ularga O‘zbekiston Respublikasi va Andijon davlat tibbiyot institutining ichki tartib-qoidalari, kiyinish madaniyati haqida batafsil ma’lumot berish hamda talabalarning taklif-mulohazalarini o‘rganish bo‘ldi.
Uchrashuv davomida institut rektori bugungi kunda xorijlik talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar, o‘qitish jarayonlari, Talabalar turar joyi sharoitlari, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishda o‘tkazilayotgan tadbir va tanlovlar, unda talabalarning ishtiroki, yutuqlari borasida ma’lumot berdi. Suhbat jarayonida vakillar ham o‘z takliflarini bildirdilar.
Shuningdek, elchixona vakillari 1-bosqich hindistonlik talabalar bilan uchrashdilar. Unda institute ichki tartib-qoidalari, darslarda muntazam va faol ishtirok etishlari, darsdan so‘ng bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport, fan, hunar to‘garaklariga qatnashish, axborot-resurs markazida unumli foydalanish borasida ma’lumot berdilar. Shundan so ’ng talabalarning ham fikrlari va munosabatlari tinglandi.
Ma’lumot o‘rnida, 2024-2025-o‘quv yilida 1-bosqichga 171 nafar hindistonlik talabalar qabul qilingan.