Aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari- Respondentlar hisoblanadi.
Respondentlar soʻrovi davlat tilida oʻtkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida soʻrovdan oʻtkazilishi mumkin. Roʻyxatga olish varaqlari roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning soʻzlari asosida toʻldiriladi. Aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir boʻlmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar boʻlgan respondentlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ular uy xoʻjaligining voyaga yetgan aʼzolari tomonidan maʼlum qilinadi. Oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan maʼlum qilinadi. Respondent roʻyxatga olish varagʻidagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda roʻyxatga olish varagʻi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi. Aholini roʻyxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish taqiqlanadi.