Andijon davlat tibbiyot institutida Korrupsiyaga qarshi kurashish va talabalarning qishki ta’til vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari borasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda institut rektori, prorektorlar, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Dastavval institut rektori barchani kirib kelayotgan yangi 2025-yil bilan muborakbod etdi. Undan so‘ng yil davomida erishilgan yutuqlar, qurilish-bunyodkorlik ishlari, qolaversa, bartaraf etilmay qolgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Yil yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan talabalar o‘rtasida so‘rovnoma olib borilgan bo‘lib, unda talabalarning fikr-mulohazalari o‘rganilgan edi. Mazkur so‘rovnoma natijalari o‘qib eshittirilib, rektor tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga kerakli topshiriq va vazifalar berildi.
Yig‘ilish davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Asqarovning yillik hisoboti tinglandi. Unda bo‘lim tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, xodimlar va talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar, mazkur ishlarning samarasi borasida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov joriy yilning 25-dekabrdan 2025-yilning 7-yanvarigacha o‘tadigan qishki ta’til, ta’tilni mazmunli tashkil etish, betalofat o‘tkazish, iqtidorli talabalarni kashf etish borasida ma’lumotlar berib o‘tdi. Bu borada taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi.