Bugun, 13-yanvar kuni Andijon davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan “O‘z kasbiga halolsiz, tashabbuskor, faolsiz!” deb nomlangan ko‘ngilochar tadbir tashkil etildi.
Tadbirni dastlab, institut rektori M.Madazimov ochib berdi va barcha erkak rahbarlarni, ishchi xodimlarni, talabalarni bayram munosabati bilan muborakbod etdi. Shundan so‘ng Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova ham tadbir ishtirokchilarini tabrikladi hamda ularga institut xotin-qizlari nomidan bayram sovg‘alari taqdim etildi. O‘zbekona milliy do‘ppilar ularga yanada shijoat, qat’iyat baxsh etgandek bo‘ldi.
Harbiylarni madh etuvchi qo‘shiq bilan boshlangan tadbir prorektorlarlarning savollarga naqadar zukkolik bilan javob berish shartlari bilan davom etdi. Shartlar zanjiri dekanlar va tyutorlar bilan bog‘lanib ketdi. Topqir ishtirokchilarga ham bayram sovg‘alari ulashildi.
Har ishda o‘z intilishi bilan tashabbus ko‘rsata oladigan ayollarimiz hajviy dasturlarni ham taqdim etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston filarmoniyasining Andijon viloyati xonandalari tomonidan Vatanni madh etuvchi diltortar taronalar ijro etildi.