Bugun, 15-yanvar kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov institut klinikasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
ADTI klinikasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-noyabrdagi 713-sonli Qarori bilan rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Qurilish va rekonstruksiya ishlari uchun 349,621 milliard so‘m mablag‘ga loyiha-smeta qilingan bo‘lib, 2021-2024-yillarda byudjet mablag‘lari hisobidan 196,445 milliard so‘m to‘liq ajratilib, qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borildi.
2025-yildan rekonstruksiya ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi PQ-395-son Qaroriga asosan Andijon davlat tibbiyot instituti mablag‘lari hisobidan olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Hozirda binolarda pardozlash, yangi qozonxonada qozon va nasoslar o‘rnatish ishlari, elektr kabellarini o‘tkazish, kislorod ishlab chiqaruvchi uskuna keltirilib, o‘rnatish uchun tayyorgarlik, bloklarni bog‘lovchi o‘tish yo‘lida pardozlash, sovuq chiller tizimining tashqi trassasi quvurlarini payvandlash va izolyatsiya qilish, bloklarda alyumin-plastik kompozitli eshik va romlar o‘rnatish, suv trubalarini olib o‘tish va izolyatsiya qilish, bloklarda xonalar oralig‘i devorlarini urish, kommunikatsiyalar (elektr, sovuq va issiq suv, kanalizatsiya) o‘tkazish, binodan tashqari hududlarda issiqlik tizimi quvurlarini olib o‘tish, 13-blok tom qismida quyosh paneli o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Institut rektori mazkur jarayonlar bilan tanishib, mas’ullarga mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan kerakli topshiriqlarni berdi.