Kishining qaysi kasbda faoliyat olib borishi, avvalo kiyinish madaniyatidan ma’lum bo‘ladi. Bu esa ish unumdorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois Andijon davlat tibbiyot instituti ishchi xodimlari, professor-o‘qituvchilarI hamda talabalari o‘rtasida kiyinish madaniyatini yanada ommalashtirish maqsadida qator tadbirlar va uchrashuvlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Jumladan bugun, 3-fevral kuni institut rektori M.Madazimov rahbarligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, rektor maslahatchisi X.Zokirov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, Profilaktika ishlari bo‘yicha katta inspektor J.Xo‘jayev hamda tyutorlar ishtirok etdi.
Dastavval institut rektori institut ichki tartib-qoidalari haqida yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
– Talaba o‘z ustozi va ota-onasidan tarbiya oladi. Biz esa o‘z salohiyatimiz, kiyinish madaniyatimiz, o‘qib-izlanishimiz bilan ularga o‘rnak bo‘lmog‘imiz muhimdir, – dedi institut rektori.
Yig‘ilish davomida, shuningdek, mazkur topshiriq ijrosini har bir kafedralarda amalga oshirish, talabalarning darslarda faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ta’lim muassasa va ota-ona hamkorligidagi tizimli ishlarni yanada takomillashtirish borasida vazifalar belgilab berildi.