Prezidentimiz raisligida “Mahallalarda aholi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib, viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan qizil toifadagi mahallalar aholisiga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Andijon davlat tibbiyot institutiga Baliqchi tumanidagi “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini biriktirildi. Bunga ko‘ra, Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov boshchiligida mahalladagi mavjud holatni o‘rganish ishlari yuzasidan ishchi guruh tashkil etildi.


Mahallada 11 nafar ishsiz yoshlar bo‘lib, bugun, 7-iyul kuni ularning 5 nafari bilan institut rektori M.Madazimov yakka tartibda uchrashuvlar o’tkazdi.


Yoshlar bilan uchrashuvlarda ularning murojaat va takliflari tinglandi.
Ularni ish bilan taʼminlash, yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, oliy oʻquv yurtiga kirishni istagan yoshlarni oʻquv kurslariga jalb etish, tadbirkorlikka ishtiyoqmand yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida suhbatlar olib borildi.


Yakunda yoshlarni o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha ish o‘rinlariga yo‘naltirildi. Ishga joylash bilan bog‘liq amaliy ishlar bajarilmoqda.

