Bugungi kunda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish dolzarb masalalardan biri sanaladi. Ayniqsa, ta’lim muassasalarida bu boradagi huquqiy targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Shu maqsadda, 6-sentabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Stomatologiya va Farmatsiya fakultetlarining 1-bosqich talabalari ishtirokida «Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi» mavzusida profilaktik tadbir tashkil etildi.


Tadbirda institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor v.v.b. Z.Mamasoliyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Asqarov, Farmatsiya fakulteti dekani K.Yulchiyev, Stomatologiya fakulteti dekani F.O‘rinov hamda bo‘lim xodimlari va tyutorlar ishtirok etdilar.


Tadbir davomida korrupsiya tushunchasi, uning kelib chiqish sabablari, oldini olish chora-tadbirlari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha institutda olib borilayotgan ishlar va Komplayens nazorat tizimi faoliyati haqida talabalarga batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida esa “Korrupsiya o‘zi nima?” mavzusidagi videoroliklar namoyish etilib, talabalar fikrlari tinglandi.
Bunday tadbirlar yoshlar ongida qonun ustuvorligi va halollik tamoyillarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.



