Farmatsiya fakulteti Fundamental tibbiyot ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabalari uchun “Xavfsiz hayot” mavzusida “Kelajak soati” rukni ostidagi “Ma’rifat darsi” tashkil etildi. Tadbirni Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti B.Botirova olib bordi.


Mashg‘ulot davomida talabalarga shaxsiy xavfsizlik tushunchasini to‘g‘ri anglash, o‘zini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, xavflarning turlari va ularning salbiy oqibatlari, shuningdek, xavfsizlikni mustahkamlash yo‘llari haqida keng qamrovli ma’lumotlar berildi.
Yo‘nalish mas’uli Z.Chiftchi mashg‘ulotning asosiy maqsadlari haqida so‘z yuritar ekan, talabalarda o‘z chegaralarini aniqlash va himoya qilish, boshqalarning shaxsiy hududiga hurmat bilan yondashish, turli hayotiy vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, o‘z huquqlari va his-tuyg‘ularini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.


Shuningdek, yo‘nalish tyutori M.Mamajonova talabalarga darslarga o‘z vaqtida qatnashish, axloq-odob qoidalariga rioya etish hamda kiyinish madaniyatiga e’tiborli bo‘lish haqida eslatma berdi.

Mashg‘ulot yakunida talabalar bilan savol-javob tarzida muloqot o‘tkazilib, dars iliq va samarali ruhda yakunlandi.
Tadbir talabalarda xavfsiz hayot kechirish, o‘zini himoya qilish va sog‘lom muloqot tamoyillariga amal qilish borasida muhim tushunchalarni shakllantirishga xizmat qildi.

