TALABALARIMIZ XALQARO PIROGOV FORUMIDA 1-OʻRINNI QOʻLGA KIRITDI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

TALABALARIMIZ XALQARO PIROGOV FORUMIDA 1-OʻRINNI QOʻLGA KIRITDI

15:31 22.11.2025

Qirg‘izistonning Bishkek shahrida joylashgan Qirg‘iz–Rossiya Slavyan universiteti (B.N. Yelsin nomidagi KRSU) tibbiyot fakultetida joriy yilning 20–22-noyabr kunlari IV Ochiq talabalarning Pirogov forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli anjuman Qirg‘iziston qahramonlari, mashhur jarrohlar, akademik M.M.Mamakeyev va prof. E.X.Akramov xotirasiga bag‘ishlanib, uning doirasida “Klinik anatomiya – shifokor kasbiy faoliyatining asosi” mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda klinik anatomiya va jarrohlik ko‘nikmalari bo‘yicha III xalqaro talabalik olimpiadasi tashkil etildi.

Mazkur forumda Andijon davlat tibbiyot instituti Anatomiya va klinik anatomiya kafedrasi mudiri professor Z.Kaxarov boshchiligida olib borilgan talabalar jamoasi ham munosib ishtirok etdi. Klinik anatomiya va jarrohlik amaliy ko‘nikmalari bo‘yicha o‘tkazilgan guruhlararo bellashuvda ADTI jamoasi yuqori nazariy bilim va puxta amaliy ko‘nikmalarni namoyish etib, guruhlar o‘rtasidagi musobaqada 1-o‘rinni egalladi.

Forum doirasida ADTI Anatomiya va klinik anatomiya kafedrasining 3 nafar talabasi ilmiy taqdimotlar o‘tkazib, o‘z ilmiy ishlarining natijalarini xalqaro auditoriyaga havola etdi. Ular tomonidan tayyorlangan ma’ruzalar klinik anatomiya, jarrohlik amaliyoti va talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishga qaratilgani bilan e’tiborni tortdi.

Talabalarimiz jarrohlik choklarini qo‘yish, desmurgiya, shoshilinch yordam ko‘rsatish, jarrohlik asbob-uskunalar bilan ishlash kabi bir qator amaliy bosqichlarda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi. Ushbu muvaffaqiyat ADTIning xalqaro ilmiy-ta’lim maydonidagi nufuzini yanada oshirishi bilan birga, Anatomiya va klinik anatomiya kafedrasida olib borilayotgan ilmiy-uslubiy ishlar samaradorligini ham yaqqol namoyon etadi.

Bu g‘alaba institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda barcha talaba-yoshlar uchun katta faxr bo‘lib, kelgusida xalqaro miqyosdagi bunday ilmiy forum va olimpiadalarda yanada faol ishtirok etish uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Skip to content