Turkiya bilan investitsiyaviy va tibbiy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Turkiya bilan investitsiyaviy va tibbiy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

14:45 03.02.2026

Ma’lumki, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi yaqinda Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari bilan yurtimizga qaytib keldi. Mazkur tashrif doirasida Istanbul shahrida 120 nafardan ortiq turkiyalik tadbirkorlar hamda yirik kompaniyalar vakillari ishtirokida nufuzli biznes-forum tashkil etildi. Forum davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat, qurilish, sog‘liqni saqlash hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Ushbu kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda dastlabki turkiyalik tadbirkorlar va kompaniyalar vakillari Andijon xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Andijon viloyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida tajriba almashish, shuningdek, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishdan iborat.

Joriy yilning 3-fevral kuni mazkur delegatsiya a’zolari, jumladan, me’morlik hamda tibbiyot muassasalariga investitsiya kiritish yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan Muge va Elif xonimlar Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘ldilar. Mehmonlar institut rektori M. Madazimov boshchiligida yangi bunyod etilgan 2000 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosida katta tantana bilan kutib olindi. Milliy cholg‘u sadolari, “Andijon polkasi”, hunarmandchilik buyumlari va milliy an’analar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Simulyatsiya va attestatsiya markazida olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishdilar. Talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlab borayotganligi, zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanilayotgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan parameditsina yo‘nalishi hamda tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng, mehmonlar ayni paytda qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan institut klinikasida bo‘ldilar. U yerda shifokorlar va bemorlar uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, qulay infratuzilma hamda tibbiy xizmat sifati bilan yaqindan tanishildi. Suhbatlar jarayonida mutaxassislar tibbiyot muassasalarini jihozlashda foydalanilayotgan mebel va laboratoriya uskunalarining sifati, bemorlar salomatligi va qulay dam olish sharoitlariga qaratilayotgan e’tibor yuqori baholandi.

Yakunda delegatsiya a’zolari Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, mebel va laboratoriya uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilish taklifini bildirdilar. Ushbu tashrif ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish hamda Andijon viloyatida zamonaviy tibbiyot xizmatlarini yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Skip to content