Bugun, 6-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida buyuk mutafakkir va so‘z sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan “Nazm va Navo” nomli musiqali-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.


Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Salohiddinov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi va ushbu kechaning ma’naviy ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi raisi, shoira Xurshidabonu Vahobjon qizi ham so‘z olib, ikki buyuk siymo – Navoiy va Bobur ijodi, ularning adabiy va madaniy merosi haqida chuqur fikrlarni ulashdi.
Mazkur tadbir yuksak badiiy saviya va milliy ruhda tashkil etilib, unda institutning barcha professor-o‘qituvchilari, xodimlar va talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar. Kecha davomida buyuk ajdodlarimizning bebaho adabiy merosi, she’riy asarlari va musiqiy talqinlari ijro etilib, ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashildi.


O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyati bo‘limi xonandalari tomonidan dilga yaqin qo‘shiqlar ijro etildi.



“Nazm va Navo” musiqali kechasi milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yosh avlod qalbida adabiyot va san’atga bo‘lgan muhabbatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

