Doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda ilmiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlar uchun “Akademik halollik” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi. Mazkur tadbir ilmiy faoliyatda halollik, shaffoflik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, ilmiy ishlar sifatini oshirishga qaratildi.


Seminar davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipovning “Akademik halollikni o‘zingizga qonun sifatida qabul qilib oling” nomli murojaati namoyish etildi. Unda akademik halollikni har bir tadqiqotchi va izlanuvchi uchun ustuvor qadriyatga aylantirish, ilmiy izlanishlarda vijdoniylik va xolislikka qat’iy rioya etish zarurligi alohida ta’kidlangan. Shuningdek, murojaatda plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish va boshqa nojo‘ya holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish lozimligi qayd etildi. Ishtirokchilar murojaatda ilgari surilgan asosiy tamoyillar va talablar yuzasidan fikr almashib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.


Tadbir doirasida institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori K.Salohiddinov tomonidan institut ilmiy faoliyatining tahlili taqdim etildi. Ma’ruzada ilmiy maqolalar, tezislar va dissertatsiyalar sifati, ularning ilmiy darajasi hamda dolzarbligi atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ilmiy ishlarni tayyorlash jarayonida amaldagi talab va qoidalarga qat’iy rioya etish, manbalardan to‘g‘ri foydalanish va iqtibos keltirish madaniyatini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Seminar yakunida ishtirokchilarga akademik halollik tamoyillariga doimiy amal qilish, plagiat va soxtalashtirish holatlarining oldini olish, ilmiy faoliyatda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ta’kidlanganidek, ilm-fan rivoji, avvalo, halollik va mas’uliyatga asoslangan yondashuvni talab etadi. Mazkur seminar esa ilmiy muhitda sog‘lom va adolatli tizimni qaror toptirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
