Bugun, 25-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida fevral oyi ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar va Kengash a’zolari ishtirok etdi.
Dastlab yig‘ilish kun tartibi e’lon qilindi. Shundan so‘ng, an’anaviy tarzda ilmiy unvon va darajalar sohiblari, respublika hamda xalqaro tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.


Institut rektori M.Madazimov “Turkiy xalqlar do’stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotni Butunjahon xalq ijodkorlari uyushmasi raisining Andijon viloyati bo‘yicha o‘rinbosari E.Qurbonov topshirdi. Professor, «Turon» fondi asoschisi A.Sattarov tomonidan esa institutga kitoblar to‘plami taqdim etdi.
Ayni kunlarda institutda talabalarga bilim berib kelayotgan Germaniya Federativ Respublikasi Rostok tibbiyot universiteti Urologiya kafedrasi professori Oliver Hakenbergga Andijon davlat tibbiyot instituti “Faxriy professori” unvoni topshirildi.


Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Andijon viloyati kengashi raisi Sh.Abdusamatov ishtirok etib, institut boshlang‘ish tashkiloti faollarining yutuqlarini alohida e’tirof etdi va faol yoshlarni erishgan yutuqlari munosabati bilan taqdirladi.


Yig‘ilish davomida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor K.Salohiddinovning “Doktorantlar va izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini monitoring qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatovaning “Ta’lim muassasasida talaba-qizlar, ayollarga nisbatan havfsiz va hurmatga asoslangan ta’lim muhitini shakllantirish”, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i A.Pakridinovning “Institut ichki attestatsiya natijalari”, Davolash fakulteti dekani D.To‘lanovning “Andijon davlat tibbiyot instituti 2025-2026-o‘quv yili kuzgi semestri bo‘yicha hisoboti” va ma’ruzalari tinglandi.

