Bugun Andijon davlat tibbiyot institutida “Yoshlar kuni” loyihasi hamda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Qizlar forumi” yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Forum mehmonlari karnay-surnay navolari ostida milliy ruhda kutib olindi. Tadbir avvalida ijro etilgan “Andijon polkasi” milliy raqsi yig‘ilganlarga o‘ziga xos bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, serjilo milliy liboslar namoyishi ham tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi.


Tadbir doirasida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari tomonidan maxsus ko‘rgazmalar tashkil etildi. Unda har bir OTM o‘zining ilmiy yutuqlari, talabalarning innovatsion ishlari hamda yoshlar faoliyatini aks ettiruvchi loyihalarni namoyish etdi.
Forumni Abdumalik Akramov — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi rahbari kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlar, ayniqsa talaba-qizlarning bilim olishlari va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.





Shuningdek, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mahliyoxon Beknazarova yoshlarning ma’naviy kamoloti, ularning jamiyat hayotidagi faolligi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi hamda ayol-qizlarning barcha sohalarda faol ekanini alohida e’tirof etdi.


Forum davomida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining faol va yutuqlarga erishgan talabalari o‘z fikr-mulohazalari, tashabbuslari hamda takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan davom etib, barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.





Mazkur forum yosh qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning salohiyatini namoyon etish va jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.




