2019-yil 14-may kuni Andijon davlat tibbiyot institutida jarrohlik fanidan respublika olimpiadasining 3- va 4-turlari bo‘lib o‘tdi. Bunda talabalar nazariy bilim va ko‘nikmalarini test sinovlari orqali simulyatsion va laparoskopiya o‘quv markazlarida sinovdan o‘tkazdilar.
Bu yerda talabalar jarrohlik asbob-uskunalarini tanlash,teriga tugunli chok qo‘yish, ichaklarga chok qo‘yish, plevra bo‘shlig‘iga funksiya qilish, yurakni bilvosita massaj qilish, o‘pkaga ambu qopchasi orqali sun’iy nafas berish ko‘nikmalarini mulyajlarda bajardilar.
Simulyatsion o‘quv markazida olimpiadachilarning malaka va ko‘nikmalari markaziy kuzatuv ekranida barcha kuzatuvchilar: mehmonlar, ishtirokchilar va o‘z ustozlari tomonidan ham kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Endoxirurgiya markazida esa, ekstrakorporal tugunchasini shakllantirish, Reder tuzilishini shakllantirish va endopetlya qo‘yish, xalqalarni shtirkaga uzatish kabi jarayonlar amalga oshirildi. Olimpiadachilarning har bir harakati va jarayonlardagi bergan izohi va tushunchalari nufuzli hay’at a’zolari tomonidan xolisona baholanib borildi.
Shu kuni olimpiadaning tantanali yakunlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda institut o’quv ishlari bo’yicha prorektori, professor A. Arziqulov so‘z olib, barcha ishtirokchilar haqida samimiy fikr-mulohazalarini bildirdi. Hay’at a’zolari nomidan jarrohlik va uralogiya kafedrasi mudiri , professor F.Nishonov gapirib g‘oliblarni e’lon qildi. Olimpiada yakuniga ko‘ra, quyidagilar jarrohlik fanidan respublika olimpiadasi g‘oliblari deb topildi.
Faxrli 1- o‘rin – Jamoliddin G‘anijonov (Andijon davlat tibbiyot instituti),
2- o‘rin – Shahnoza Oxunova (Toshkent tibbiyot akademiyasi),
3- o‘rin – Muxlisa Umarova (Toshkent pediatriya tibbiyot instituti),
Alisher Qodirov (Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali),
Bobur Abduvoitov (Samarqand davlat tibbiyot instituti), Ibodjon Ismoilov (Buxoro davlat tibbiyot instituti), Ajiniyoz Alimbetov (Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali), Alisher Marksov(Toshkent tibbiyot akademiyasi Urgench filiali) talabalari rag‘batlantirivchi o‘rinlarga ega bo‘ldilar. G‘oliblarga sertifikat, qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Olimpiadachilar yuksak ilmiy ruhda tashkil etilgan sinovlardan ko‘ngli to‘lib,bilimli va salohiyatli do‘stlar orttirganligidan mamnun bo‘lib, yaxshi kayfiyat va xush taassurotlar bilan o‘z yurtlariga qaytdilar.