Bugun, 12-mart kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M. Madazimov barcha fakultetlarning bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida rektor mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, davlatimiz rahbarining yoshlarga bildirayotgan ishonchi hamda ularning tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, Prezident va yoshlar uchrashuvlarida ilgari surilgan muhim tashabbuslar hamda yangiliklar haqida ham ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, institutda ta’lim jarayoni faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmay, balki dual ta’lim tizimi asosida ham olib borilmoqda. Bu esa talabalar o‘qish jarayonida amaliy tajriba orttirishlari, kelajakda esa o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat boshlashlariga keng imkoniyat yaratmoqda.
Uchrashuvda bitiruvchi bosqich talabalarini ish bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi hamda imtiyozli kreditlar olish tartib-qoidalari bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etilayotgani qayd etildi. Mazkur treninglarda viloyat “O‘zmilliybank” AJ bosh boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etib, talabalarning savollariga batafsil javob bermoqda.


Shuningdek, bitiruvchi bosqich talabalari o‘zlariga biriktirilgan tibbiyot muassasalarida tahsil olish bilan birga amaliy faoliyat olib borayotganliklari ham alohida ta’kidlandi. Institut rektori o‘z biznes g‘oyasi yoki loyihasi asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlashni istagan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv davomida talabalar ishga joylashish ko‘rsatkichlari bilan tanishildi. Talabalar tomonidan sohani rivojlantirishga qaratilgan yangiliklar, ilmiy g‘oyalar va loyihalar haqida ma’lumotlar tinglandi. O‘z navbatida, talabalar ham kelajakdagi rejalari, tadbirkorlik loyihalari hamda ishga joylashish jarayonida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar haqida fikr bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarori bilan tanishtirib o‘tildi.
Yakunda mas’ul xodimlarga taqdim etilgan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
