2019- yil 16 – may kuni Rossiya Federatsiyasi Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti rektori Mammaev Suleyman Nurattinovich, mazkur universitetning stomatologiya fakulteti dekani Abakarov Tagir Abakarovich hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha mas’uli Xadjalieva Sajida Djambulatovnalar Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdilar.
Dog‘istonlik mehmonlarni ADTI rektori M.Madazimov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Salohiddinov, stomatologiya fakulteti dekani D.Tulanov, professor-o‘qituvchi va talabalar tantanali kutib oldilar.
Shartnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirish va ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli faoliyat sohasida uzoq muddatli va samarali hamkorlikni mustahkamlash maqsadida kelgan Dog‘iston delegatsiyasi bilan ADTI rahbariyati o‘rtasida qizg‘in va do‘stona suhbat bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro muloqot chog‘ida S.Mammaev o‘zbekona mehmondo‘stlik va samimiy iltifot ko‘rsatilganligi uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Uchrashuv davomida har ikki tomon vakillari hamkorlik shartnomasi, “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha o‘quv dasturlarini tashkil etish, o‘quv dasturlarini 3+2 o‘qitish tizimining tashkiliy tomonlari, 2019-2020 o‘quv yili uchun stomatologiya fakultetiga talabalarni qabul qilish qo‘shma o‘quv dasturi, qabul jarayonlarida yoshlar va ustozlar o‘rtasidagi o‘zaro samimiy munosabatlarni shakllantirish va talabalarni o‘qish to‘lov kontrakt miqdorlari, kelgusidagi rejalar xususida kelishib oldilar.
Shu kuni Dog‘iston tibbiyot universiteti delegatsiyasi institut simulyatsion o‘quv markazida bo‘lib bu yerdagi shart-sharoitlar, talabalarning fantom va mulyaj va stimulyatorlar bilan ishlash jarayonlarini kuzatdilar.
Kun tartibiga ko‘ra, institut ilmiy kengashlar zalida professor-o‘qituvchilar, magistrlar, klinik ordinatorlar va talabalar bilan ilmiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqotni ADTI rektori M.Madazimov ochib berdi. 1-UAShT kafedrasi mudiri, professor Z.Salohiddinov so‘zga chiqib, ikki oliygoh o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik uchun tashakkur izhor etdi. So‘ngra Dog‘iston davlat tibbiyot instituti rektori S.Mammaev terapiya yo‘nalishida taqdimot ma’ruza o‘qib berdi.
O‘z navbatida 1 – ma’ruzalar zalida stomatologiya fakulteti dekani T.Abakarov stomatologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruza o‘qib berdi.
Ma’ruzalardan so‘ng, mehmonlar Anatomiya, operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasida bo‘lib, odam anatomiyasi muzeyini ko‘zdan kechirdilar.
Dog‘istonlik mehmonlarning tashrifi davom etmoqda. Ular institut klinikasining 2 –jarrohlik bo‘limida bo‘lib, davolash ishlari, o‘quv xonalari va shart-sharoitlar bilan tanishgach, bemorlarni ko‘rdilar.
Rejaga ko‘ra endoskopik o‘quv markazida bo‘lib, magistr va talabalarning o‘quv mashg‘ulotlari jarayonlarini ko‘zdan kechirdilar. So‘ngra 1- UAShT kafedrasida, shuningdek, anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limida bemorlarni ko‘rib, zarur maslahatlar berdilar.
Delegatsiya safar davomida o‘quv jarayoni bilan yaqindan tanishib, dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘qiydilar va mahorat darslari olib boradilar, shuningdek, uchrashuvlar davomida qo‘shma dasturlar va ilmiy-innovatsion loyihalar xususida muzokaralar olib boradilar.