Andijon davlat tibbiyot instituti harbiy kafedrasida har yilgidek an’anaviy tadbir tashkil etildi. Tadbirda bitiruvchi kursantlar harbiy qasamyod qabul qildilar.
Tantanani institut harbiy kafedrasi boshlig’i, tibbiy xizmat polkovnigi A.Nasriddinov ochib, kursantlarga harbiy qasamyod qabul qilish uchun buyruq berdi.Shundan so’ng, hayojonli va bir umr xotiralarga muhrlanguvchi unutilmas daqiqalar boshlandi.Harbiy kafedraning o’quv amaliyot kursini muvaffaqiyat bilan yakunlagan 46 nafar kursant birin-ketin qasamyod qabul qildilar.
Tantanali qasamyod onlarini kuzatib turgan ustozlar, ota-onalar va ularning yaqinlari jismonan va ma’nan yetuk, ona yurtga sodiq farzandlari kamolini ko’rib, ko’zlari quvnab, qalblarida shukronalik hislari jo’sh urdi. Tantanani kuzatib turgan har bir yurtdoshimiz ular quvonchiga sherik bo’ldilar. Qasamyoddan so’ng, kafedra boshlig’i barcha kursantlarni leytenant unvonini olganliklari bilan qizғin tabrikladi.
Tadbir davomida institut yoshlar masalalari bo’yicha prorektor P.Asxanov, o’quv ishlari bo’yicha prorektor, professor A.Arziqulovlar kursantlarni zahiradagi ofitser bo’lib, leytenent unvoniga erishganliklari bilan ularni va ularning ota-onalarini chin dildan muborakbod etdilar. Davrada ota-ona, ustozlar va kursantlarning tabriklari yangradi.
Harbiy kafedra o’qituvchisi B.Razzaqov ADTI rektorining 2018-2019 o’quv yili davomida harbiy kafedrada mehnat qilgan, o’qigan, samarali faoliyat ko’rsatgan o’qituvchi va kursantlarni taqdirlash to’g’risidagi buyrug’ini o’qib eshittirdi. Unga asosan, bir guruh faol ustozlar va kursantlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandilar.
Tadbir so’ngida badiiy dastur namoyish etilib, unda institut Yoshlar ittifoқi boshlang’ich tashkiloti faollaridan iborat “Ulfatlar” guruhining ko’ngilochar chiqishlari, talaba raqqos yigitlar tomonidan ijro etilgan “Andijon polkasi” raqslari davraga o’zgacha fayz va ko’tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Barcha yig’ilganlar kursantlarni, kursantlar bir-birlarini qutlab, tantanali tadbir nihoyasiga yetdi.