Ta’lim islohotlarida maktab o‘quvchilarini oliy ta’limga jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Maktablar va oliy ta’lim muassasalari hamkorligi har bir soha uchun yutuqlar garovidir.
“Oila, maktab, mahalla, oliy ta’lim” tamoyili asosida Izboskan tumanidagi 7-maktab jamoasi Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni oliy ta’limga jalb etish bilan birga, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasb-hunarga mehr uyg‘otish, turli diniy oqimlar ta’siriga tushib qolishlarini oldini olishga qaratilgan.
Institut bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurgan yoshlarni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Abdupatto Asxanov boshchiligidagi institut jamoasi kutib oldi. Prorektor P.X.Asxanov maktab o‘quvchilariga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi va institut tarixi, o‘quv jaryoni, talabalar erishayotgan yutuqlar bilan qisqacha tanishtirib o‘tdi.
Shundan so‘ng, maktab o‘quvchilari institut psixologi O‘tkirbek Arziqulov boshchiligida institutda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan, o‘quv markazlari, muzeylari bilan yaqindan tanishdilar. O‘quvchilar institut, shifokorlik kasbiga oid savollariga mutaxassislar tomonidan yetarlicha javoblar oldilar.
Tashrif yakunida maktab jamoasi samimiy qabul uchun institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdilar.
ADTI axborot xizmati