2018- yil 4- dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutiga Rossiya Federatsiyasi Voronej davlat texnika universiteti elektronika va nanotexnologiya kafedrasi mudiri, akademik, professor Stanislav Ivanovich Rembezo tashrif buyurdi.
Rossiyalik olimni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.Asxanov, o‘quv bo‘limi boshlig‘i G.Nazarova, biologik fizika, informatika va tibbiy texnologiyalar kafedrasi xodimlari kutib oldilar.
Shundan so‘ng, ADTI ilmiy kengashlar zalida kafedra professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirokida anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda professor S.Rembezo zamonaviy texnologiyalarni tibbiyotdagi o‘rni, tibbiy jihozlarning qo‘llanilishi, yangi nanotexnologiyalar xususida taqdimot ma’ruza qildi.
So‘ngra, institut xalqaro hamkorlik bo‘limida ADTI rektori M.Madazimov bilan professor S.Rembezo o‘rtasida samimiy va do‘stona suhbat bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida Andijon davlat tibbiyot instituti va Voronej davlat texnika universiteti o‘rtasida ikkitomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Hamkorlik aloqalari tez orada o‘zining ijobiy samarasini berishiga ishonch bildirilib, o‘zbekona odatimizga ko‘ra hurmatli mehmonga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng, akademik S.Rembezo institut simulyatsion markazida bo‘lib, bu yerdagi sharoitlar,amaliyot jarayonlari, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, trenajyor va mulyajlar bilan tanishdi.
Simulyatsion markaz mas’ullari, mutaxassislar bilan suhbatlashib, o‘zining fikrlari va taassurotlarini o‘rtoqlashdi, shuningdek ularga kerakli tavsiya va maslahatlarini berdi.