Mustaqillik – ulug‘ ne’mat. Bu be’baho boylik bizga erkin yashash, o‘z taraqqiyot yo‘limizni o‘zimiz belgilash imkonini berdi, o‘zligimizni, qadriyatlarimizni qaytardi. Xalqimiz o‘tgan 29 yil davomida qancha yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, bu shubhasiz, istiqlol mevasidir. SHu boisdan, har yili mustaqillik bayramini yurtdoshlarimiz o‘zgacha hayajon va katta ko‘tarinkilik bilan nishonlaydi.
Bugun yurtimizning qaysi bir hududiga bormang, vatandoshlarimizning ko‘nglida, ko‘zida mustaqillikning yorqin shukuhini, bugungi dorilomon kunlarning shukronasini ko‘rasiz. Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida astoydil mehnat qilayotgan, orzu-umidlarini o‘zida ifoda etgan eng ulug‘, eng aziz bayram — istiqlol shodiyonasining ajib tarovati bugungi murakkab, sinovli bir davrda ko‘zlarga quvonch, yurakka mador bo‘lmoqda. Pandemiya sabab yuzaga kelgan qiyin vaziyatga qaramay qalblarda bayram shukuhi.
Har bir mamlakatning bayramlari uning madaniyati, tarixi va milliy qadriyatlarini o‘zida aks ettiradi. SHu ma’noda mustaqillik xaqida gapirganda O‘zbekistonning ham o‘ziga xos tarixi, boy madaniyati va qisqa vaqt ichida dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni ko‘z oldimizda gavdalanadi. Amir Temur, Abu Ali Ibn Sino va Bobur kabi buyuk allomalarimizning nomini butun dunyo ahli xurmat bilan tilga olayotgani qalbimizni faxr va g‘ururga to‘ldiradi. Bayram tantanalari va xalqaro darajadagi tadbirlarda ularning nomlari takror takror tilga olinishi ham bejiz emas.
Bu yil bayram avvalgilaridan farqli ravishda oila davrasida o‘tkaziladi. Sababi tojdor dushman nomi bilan barchani tashvishga solgan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq. Oilaviy nishonlash bir tomondan oila mustahkamligiga xizmat qilsa, o‘z o‘rnida xalqimizning jipsligi, ahilligini ham ko‘rsatadi. Qolaversa, bayram kunlari davlatimiz rahbarining tashabbusi bo‘lgan “Saxovat va ko‘mak” umummilliy harakati doirasidagi savobli ishlar ko‘lami yanada kengayadi.
Biz pandemiya sabab, qiyinchiliklarga, sinovlarga bardoshli, kuchli va qat’iyatli ekanimizni ko‘rsata oldik. Ayrim davlatlardagi kabi yurtimizda katta talofatlar, qurbonlar bo‘lmadi. Bu O‘zbekiston deya atalmish mustaqil davlatimiz siyosatining asosi insonparvar ekanligining ifodasidir.
Og‘ir vaziyatga qaramay yurtimizda istiqlol nafasining kezib yurgani mustaqillik xalqimiz ma’naviy hayotida qanchalik beqiyos o‘ringa ega ekanligining belgisi. Bu bayram har birimizning qalbimizda vatanparvarlik va mehr-oqibat fazilatlarini tarbiyalaydi. Kelajagimiz egalarining ilk talaffuz qiladigan so‘zi “Ona” va u bilan bir qatorda “Mustaqillik”.
Har oqshom oila davrasida yig‘ilganimizda farzandlarimning o‘qishdagi, ishdagi yutuqlaridan bir quvonsam, yurtimizdagi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan isloxotlardan ikki hissa quvonaman. Ko‘chalarimizni obod bo‘lib borayotgani, amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari, qad rostlayotgan zamonaviy binolar, qaysi bir qo‘shnimnikida yangragan to‘ylar sadosi zavqimni oshiradi. Tinch va farovon yurtda yashayotganimizdan, shu Vatanga, xalqimga nafim tegayotganidan quvonaman. Inson uchun bundan ortiq baxt bormi!?
Vaqtlar kelib ko‘chalarni to‘ldirib yana shu qutlug‘ kunlarni birgalikda nishonlaymiz. Bayram tantanalari tashkil etiladi. Hozircha oila davrasida, karantin qoidalarini unutmagan holda xonadonlarimizda nishonlaylik. Zero, bu yurtga bayramlar yarashadi!
Mustaqillik bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Madaminjon MADAZIMOV,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, O‘zbekiston “Adolat” SDP Andijon viloyati Kengashi raisi.