O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijon davlat tibbiyot instituti va Rossiya limfologlar assotsiatsiyasi, “Limfa” ilmiy-amaliy reabilitatsiya markazi hamkorligida “Limfologiya dolzarb masalalari” Xalqaro Onlayn ilmiy sessiya tashkil etildi.
ADTI Fakultet va gospital jarrohlik kafedrasi mudiri professor E.S.Djumabayev olib borgan xalqaro onlayn sessiyada Rossiya Federatsiyasi va Respublikamiz tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tekshirish institutlari, tibbiyot markazlari va jarrohlik, onkologiya, pediatiriya, terapiya, nevrologiya, infeksionist, quloq-tamoq, reabilitologiya kabi yo‘nlishlarda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston limfologiyasining 50 yilgi va limfolog-olim S.U.Jumaboyevning 90 yillik yubleyi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xalqaro onlayn sessiyada O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va ta’lim bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘.S.Ismailov, Rossiya Federatsiyasi “Limfa” ilmiy-amaliy reabilitatsiya markazi rahbari I.V.Makarov, Rossiya limfologlar assotsiatsiyasi prezidenti B.M.Urtayev, Andijon davlat tibbiyot instituti rektori v.v.b G‘.M.Xodjimatovlar ishtirokchilarni tabrikladilar va sessiya ishiga muvaffaqiyat tilashdi.
Xalqaro onlayn sessiyada Rossiya va O‘zbekistonning yetuk mutaxassis olimlari kattalar va bolalardagi limfologik kasalliklari, mazkur kasalliklarning oldini olish va davolash usullari yuzasidan ma’ruzalar qilishdi, xalqaro trenerlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.
Ma’ruza va mahorat darslarida klinik va eksperimental tibbiyotda limfologiyaning ilmiy-amaliy ahamiyati, fundamental va amaliy limfologiyada qo‘lga kiritilgan yutuqlarni saqlab qolish, tibbiyot institutlarida limfologiyani va oliy ta’limdan keyingi tibbiy ta’limda klinik limfologiyani dastur asosida o‘qitish, limfologiya yo‘nalishida yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, klinik limfologiya milliy maktabini tashkil etish masalalari yuzasidan fikrlar, takliflar bildirildi. Takliflar sessiya qo‘shma rezolyusiyasiga kiritildi.
Har bir ma’ruza va mahorat darslarini onlayn ishtirokchilar qiziqish bilan kuzatib bordilar va savol-javoblari bilan faol ishtirok etishdi.
“Limfologiya dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy sessiya o‘z ishini muvoffaqiyatli yakunladi.
A.Pakirdinov
ADTI Fakultet va gospital jarrohlik kafedrasi katta o‘qituvchisi