18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan kun munosabati bilan Andijon davlat tibbiyot institutida “Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Bayram tadbirini institut prorektori G‘.M.Xodjimatov ochib berar ekan, davlat bayrog‘i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatishi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtirganligi haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda so‘z olgan ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi o‘qituvchisi M.Xojimuratova, gospital terapiya va endokrinologiya kafedrasi o‘qituvchisi Sh.Dilkashyevalar bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etganligi, milliy bayrog‘imizning mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etishi xususidan fikrlar bildirdilar
Bayram tadbirining badiiy qismida sho‘x, quvnoq yigitlardan iborat “Ulfatlar” jamoasi o‘zining ichakuzdi chiqishlari bilan, oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi 3-kurs talabalari bayrog‘imizni madh etgan she’r, qo‘shiqlari, raqslari bilan barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladilar.
Mustaqil davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.
ADTI axborot xizmati