Qish faslining eng kutilgan bayrami bu –Yangi yil barami. Ushbu bayramda turli ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lishini oldini olish uchun har birimiz mas’ulmiz. Lekin ko‘pchilikni qiynayotgan muammo – pirotexnika vositalarini viloyatlar markaziga noqonuniy ravishda olib kirishga urinishlar bor.
Pirotexnika buyumlari sotuvi mamlakatimizda 1998-yildan ta’qiqlangan. Mehnatsiz daromad ilinjida yurgan ba’zi nopok kimsalar hayot uchun xavfli bo‘lgan pirotexnika vositalarini maktab o‘quvchilariga pullamoqchi bo‘layaptilar.
Ana shunday kimsalarning borligi tufayli hanuzgacha pirotexnika vositalarini Yangi yil bayramining “mehmoni” bo‘lib qolmoqda. Lekin biz kattalar nima uchun aziz farzandlarimiz qo‘liga portlovchi, tez alangalanuvchi xavfli o‘yinchoqlarni o‘zimiz tutqazib qo‘yamiz? Bir lahzalik bayram tomoshasi tufayli qo‘li, yuzi, ko‘zi jarohat olgan farzandlarini ko‘tarib shifoxonaga yugurgan ota-onalarga ko‘p duch kelganmiz. Ushbu o‘yinchoqlarning katta yong‘inga sabab bo‘lishini esa hamma ham anglab yetavermaydi.
Misol uchun: bayram “salyut”lari 30 metr balandlikka ko‘tarilib portlashini e’tiborga olsak, u 9-qavatli uyning istalgan qavati balkoniga tushib, falokatga olib kelmasligiga kafolat yo‘q.
Bir gurux yoshlar yangi yil kechasi xona oynasidan “salyut” otmoqchi bo‘lgan, ammo otilmagan. Shunda yoshlardan biri o‘sha pirotexnika vositasini qo‘liga olib silkita boshlagan, zarb kuchidan ketma-ket otilgan pirotexnika vosita xona pardasiga ilinib bir necha daqiqada katta yong‘in keltirib chiqargan.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlarga pirotexnika vositalari yong‘in kelib chiqishining asosiy sababchilaridan biri ekanligi, bundan tashqari, pirotexnika vositalari boshqa turli ko‘ngilsizliklar, insonlarning tan jarohati olishi va hatto hayotdan ko‘z yumushiga sabab bo‘lishi mumkinligi xaqida tushunchalar berilyapti. Joylarda eslatmalar tarqatilib, pirotexnika vasitalari haqida ko‘rgazmali vositalar yordamida ma’lumotlar berilib, ushbu vositalarning salbiy oqibatlari aks etgan videoroliklar namoyish etilmoqda.
Ota-onalar oilada xushyorlik, ogohlikni oshirishlari zarur.
Azizlar, Yangi yil bayram tadbirlarini yaxshi kayfiyat bilan o‘tkazaylik!
M.M.Naumanov
ADTI patologik anatomiya va sud tibbiyoti kafedrasi assistenti,
A.A.Mamataliyev
ADTI patologik anatomiya va sud tibbiyoti kafedrasi mudiri, dotsent.