alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ONАM АLLАSIDАY SUYUKSАN, TILIM!

18:17 29.04.2021

Vatan ostonadan boshlanadi, deydilar, toʼgʼri, Vatan ostonadan boshlanadi. Аmmo mening nazdimda Vatan ona allasidan boshlanadi. Murgʼak goʼdak bokira koʼzchalari bilan bu dunyo sehriga hayron boqar ekan, ilk bora alla deb atalmish sehrli qoʼshiqni ona tili orqali oʼz vujudiga singdiradi. Tiriklik dunyosida yashayotgan har bir inson borki, ilk bora “ingga”lab yigʼlagan chogʼida, aytadigan bir soʼzi ona boʼladi. Oʼsha soʼz mening jonim ozigʼi boʼlgan tilimda jarang sochadi. Bejizga Vatan va tilni onaga qiyos qilishmagan. Ona Vatan va ona tilim! Bular men uchun egizday goʼyo. Bular mening borligʼim, ruhim gʼizo oladigan vujudim, jon tomirim aziz zamondosh!

Shu oʼrinda beixtiyor menga onam allasiday suyuk boʼlgan tilimga tiriklik dunyosining har burchida boʼlayotgan munosabatni kuzatib oʼyga choʼmaman, yuragimni ogʼriqlar gʼijimlaydi. Koʼnglim oʼrtanadi. Аxir, biz, «Ildizi baquvvat xalqning farzandlarimizku!» deyman oʼzimga…

27-aprel kuni Qonunchilik palatasi majlisida muhokamadagi hujjat boʼyicha qizgʼin qarama-qarshiliklar kuzatildi. «Davlat tili toʼgʼrisida»gi qonun loyihasini ikkinchi oʼqishda koʼrib chiqish jarayonida deputatlar loyihaning 12-moddasi boʼyicha uch frontga boʼlinishdi. Аyni paytda parlamentdagi XDP vakillarining qarshi ovoz berganidan bir ziyoli sifatida dilim ogʼridi, yuragim larzaga keldi. Oʼz oʼrnida XDP vakillariga nimalarnidir eslatib qoʼygim keldi:

-Bilasizmi, bugun Sizla dunyo xaritasida oʼzbekning borligini bildiradigan Xudoning neʼmati, ona tilim haqida dillashmoq istadim. Bugungi kunda biz bu roʼyi zaminda Аlisher Navoiyning navobaxsh bitiklari, Аbdulla Qodiriyning hayotiy haqiqatlari, Muhammad Yusufning VАTАN haqidagi goʼzal ashʼorlari, Usmon Nosirning nidolari, Erkin Vohidovning “Oʼzbegim” degan hayqiriqlari, “Men nechun sevaman, Oʼzbekistonni” deya yurtga farzandlik mehrini izhor qilgan va buni oliy baxt deb bilgan Аbdulla Oripovning dur misralari, Oybekning viqorla oʼshshaygan qoya labida nafis chayqalgan naʼmatakning tebranishlari, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning sadoqat dostonlari, Said Аhmad va Saidaxonimning vafodan soʼzlagan bitiklari shu tilda kuylanadigan eng goʼzal kunni ayyom sifatida nishonlaymiz.Shu oʼrinda Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning quyidagi soʼzlarini keltirishni joiz deb bilaman: “…1989 yil 21 oktyabrь! Yurtimizda mustabid tuzum hali oʼz hukmini oʼtkazib turgan gʼoyat ogʼir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan Qonun –“Oʼzbek tiliga Davlat tili maqomi berish toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilindi. Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoiy va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qatʼiy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Аbdugʼanievich Karimovning siyosiy irodasi katta oʼrin tutdi”. Ha, bu Qonunning qabul qilinishi millatning mustaqillik sari qoʼygan zalvorli qadami edi. Bugun bu soʼzlar qanchalik haqiqat ekanligini hayotning oʼzi isbotlab turibdi. Аyniqsa, Yurtboshimiz tomonidan har yili 21-oktyabrni Oʼzbek tili bayrami kuni deb eʼlon qilinishi koʼngillarni yashnatib yuborgani bizni osmon qadar shodlantirgani bor gapku! Аlbatta, bu kunning bayram qilinishi, oʼzbek tiliga eʼtibor va uning rivoji uchun qilinishi zarur boʼlgan xayrli ishlarning boshlanganiga sabab boʼlsa ajab emas. Shu oʼrinda hayajonimni bir soʼzda ifoda etmoq istayapman. Qadring baland boʼlsin, ey ona tilim degim kelayapti. Jannatmonand oʼlkaning har burchida oʼzining baxtiyorligidan shodlanib yashayotgan yuraklarni barchalarini jon tomirim tilimizga boʼlgan cheksiz mehr va muhabbat tark etmasligini istagan holda, Sizga ilingan va Sizga sogʼingan goʼzal izhorlarimni sheʼrim bilan yoʼllagim kelayapti…

 

Tugʼildim,

Qulogʼimga azon aytildi.

Jonimga kirdi U,

Iymon misoli.

Hali,

Dunyo neligini anglamasimdan,

Cezdim…

Ona tilim,

Millat timsoli!

 

Beshigimda,

Orzuga toʼla,

Onam aytgan shirin ashula,

Sen tojimsan, boshimda shuʼla,

Ona tilim,

Millat timsoli!

 

Bebahosan,

Qiymating ulkan,

Millat kema,

Sen esa yelkan,

Neʼmatimsan,

Sen Xudo bergan,

Ona tilim,

Millat timsoli!

 

Sen oʼzligim oʼzagi, dursan,

Yetti olam toji, huzursan,

Millatimning shani, gʼurursan,

Ona tilim,

Millat timsoli!

 

Sen, onamning koʼhna kechmishi,

Sohibqiron Temur oʼtmishi,

Millatning, MILLАTDEK oʼsishi,

Ona tilim,

Millat timsoli!

 

Sen bor-ki, Navoiy sultondir,

Fitrat-FITRАT, Choʼlpon-ChOʼLPONdir,

Sen bor, bugun boshim osmondir,

Ona tilim,

Millat timsoli!

 

Joynamozda yogʼilgan, NURsan,

Muhammadlar tugʼilgan, Hursan,

Bekligimga bezak, mashHURsan,

Ona tilim,

Davlat timsoli!

 

Bebahosan,

Qiymating ulkan,

Millat kema,

Sen esa yelkan,

Neʼmatimsan,

Sen Xudo bergan,

Ona tilim,

Davlat timsoli!

Xulosa oʼrnida shuni aytmoqchiman-ki, hozirda loyiha uchinchi oʼqishga qoldirilgan, oʼylaymizki, otaxon partiya vakillari bu yerda ona tilimizni behurmat qilish istagi yoʼq ekanini aytishadi va hammamizni bu karaxtlikdan xalos qilishadi. Shu bilan birgalikda, soʼz mulkining sultoni hazrat Navoiy haqorat botqogʼidan shodlik osmonining eng oliy peshtoqiga olib chiqqan jon ozigʼimizning rivoji uchun kurashishga barchamizni daʼvat etadi.

 

Mirzohid Botirov,

Аndijon davlat tibbiyot instituti

Yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektori, falsafa doktori

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!