Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish, o‘rganish maqsadida turli tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri 2019- yil 22- yanvar kuni Andijon davlat tibbiyot institutida o‘tkazildi. Davra suhbatini ADTI rektori, professor M.Madazimov ochib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi borasida fikrlarini bildirdi. Mamlakatimizda, xususan, institut o‘quv-tarbiyaviy jarayonida bo‘layotgan o‘zgarishlar, yutuqlar, talaba-yoshlarga nazariya bilan amaliyotni barobar olib borilishida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga to‘xtaldi va talabalarni doimo faol bo‘lishga chaqirdi.
Shundan so‘ng, ADTI o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Arziqulov, O‘zbekiston “Adolat” SDP viloyat Kengashi deputati, deputatlik guruhi rahbari Z.Kamilova, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi F.Ataxanovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’ruza qildilar.
Ular o‘z ma’ruzalarida Yurtboshimizning ijtimoiy sohaga, jumladan, tibbiyot sohasiga alohida e’tibor berganligini, mamlakatimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, kasallikni oldini olish, kadrlar tayyorlash, tibbiyotni yanada rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalganliklarini ta’kidladilar.
Davra suhbatida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari M.G‘ofurovning ma’ruzasi, ayniqsa, uning inson kamoloti, inson omili, ma’naviyat, talaba-yoshlar tarbiyasi, bo‘lg‘usi shifokorlarning muomala madaniyati xususida bildirgan fikrlari barchada katta taassurot qoldirdi.
Davra suhbati yakunida institut rektori M.Madazimov mutaxassis – mehmonlarga o‘zining samimiy minnatdorchiligini bildirdi.
ADTI matbuot xizmati.