Korrupsiya – taraqqiyot yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lib,jamiyat rivoji, sohalar yuksalishiga bevosita tahdid tug‘diradigan asosiy illatdir. Shu bois bugungi kunda yuksak marralar sari ildam borayotgan, barcha sohalarda izchil islohotlar olib borilayotgan mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashni kuchaytirish,bu boradagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil 7- fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan tadbir “Korrupsiyaga qarshi kurashish uchun barchamiz mas’ulmiz” mavzusida o‘tkazildi. Tadbirda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov, marketing xizmati bo‘limi boshlig‘i A.Ziyaev, ADTI katta yuriskonsulti T.Abduvaliev va barcha bo‘limlarning xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘.Hodjimatov ochib berdi.
Shundan so‘ng, institut xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, oliy toifali yurist Sh.Dehqonov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 2752-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksidagi korrupsiyaga oid moddalarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi.
Shuningdek, moddalarga kiritilgan ayrim qo‘shimchalar xususida ham gapirib, institut jamoasini doimo to‘g‘ri, halol mehnat qilishga, faoliyatlari davomida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.