2019-yil 21- fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida pediatriya fakultetining 1-bosqich talabalari ishtirokida “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni ADTI psixologi O‘.Arziqulov ochib, inson organizmiga ta’sir ko‘rsatuvchi zararrli moddalarni, inson ruhiyatiga, shaxs kamolotiga salbiy ta’siri to‘g‘risida tushunchalar berib o‘tdi.
So‘ngra institut Yuqumli kasalliklar kafedrasi katta o‘qituvchisi M.Po‘latov OIV infeksiyasi to‘g‘risida ma’ruza qildi.Shuningdek, OITS kasalligi, kasallikning kelib chiqishi,etiologiyasi, patogenezi, yuqish yo‘llari, OIV infeksiyasi belgilari, davolash yo‘llari haqida ma’lumotlar berdi.
Tadbirda Andijon viloyat OITSga kurash markazi mutaxassisi M.Alimov so‘zga chiqib, viloyatimizda mazkur kasallikka qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar va profilaktik tadbirlar xususida gapirdi. U o‘z so‘zida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yana kuchaytirish lozimligini ta’kidlab, bu borada talabalarni faol bo‘lishga chaqirdi.
Shundan so‘ng, psixiatriya va narkologiya kafedrasi assistenti I.Kozimjonova “Alkogolizm kasalligi” mavzusida ma’ruza qildi.
Sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir ochiq muloqot tarzida mazmunli va qiziqarli o‘tdi. Talabalar mavzular yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.