Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot institutiga texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni suhbat asosida o‘qishga qabul qilish hamda ular uchun to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash yuzasidan e’lon qilingan murojaat bo‘yicha institut matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.
‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi 17-sonli “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 1-bobi, 3-bandining birinchi xatboshisida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib belgilanishi nazarda tutilgan.
Mazkur talabdan kelib chiqib, Andijon davlat tibbiyot institutida tegishli mutaxassislar tomonidan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan va suhbat asosida talabalikka tavsiya etilgan bitiruvchilarni bir o‘quv yili davomida o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar amalga oshirildi.
Shakllantirilgan hisob-kitoblar asosida texnikum bitiruvchilarining bir o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga ko‘rib chiqish va tegishli tartibda tasdiqlash uchun taqdim etilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, to‘lov-kontrakt miqdori belgilanishida bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar, ta’lim jarayonini tashkil etish hamda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablari asos qilib olinadi.
Hozirgi vaqtda mazkur masala yuzasidan tegishli hisob-kitoblar yuqori turuvchi tashkilotga taqdim etilgan bo‘lib, yakuniy qaror va tegishli tartib belgilanganidan so‘ng talabalar hamda ularning ota-onalariga qonunchilikda belgilangan tartibda ma’lumot beriladi.
Andijon davlat tibbiyot instituti talabalarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash, to‘lov-kontrakt miqdorlarini qonunchilik talablari asosida belgilash hamda mazkur jarayonning shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.


