Davlat tiliga e’tiborlimisiz? Har bir ishda davlat tili qoidalariga rioya etasizmi? Balki siz o‘zbek tilini kompyuter tiliga aylantirmoqchidirsiz? Unda ushbu tanlov aynan siz uchun!
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o‘zbek tilining ijtimoiy hayotimizdagi mavqeini oshirish, davlat tilini to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovini e’lon qiladi.
Tanlov quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi:
🗣oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, muammo va yechimlari yoritilgan eng yaxshi ilmiy tadqiqot;
🗣 oʻzbek tilini raqamlashtirishga qaratilgan eng yaxshi dasturiy mahsulot;
🗣 oʻzbek tilining boy imkoniyatlari tarannum etilgan eng yaxshi badiiy-ijodiy asar;
🗣davlat tili boʻyicha ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan
eng yaxshi material;
🗣oʻzbek tili targʻibotiga bagʻishlangan eng yaxshi videorolik;
🗣oʻzbek tilini xalqaro miqyosida ommalashtirishga xizmat qilayotgan eng yaxshi amaliy ish;
🗣 oʻzbek tilining xorijlik doʻstlari tomonidan yaratilgan eng yaxshi ilmiy-ijodiy ish.
Tanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha loyihalar joriy yilning 20-avgustdan 20-sentabrgacha qabul qilinadi.
Tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlar o‘zi haqidagi ma’lumotni (ismi, otaismi, familiyasi, ish joyi, o‘qish joyi) ilmiy-ijodiy ishining elektron nusxasini ilova qilgan holda Jamg‘armaga yoki rasmiy elektron pochtaga (Uz_til_jamgarma@umail.uz) hamda (@Jonajontilim_bot) Telegram ijtimoiy tarmog‘iga yuboriladi.
Tanlovda yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib ishtirok etish mumkin.
G‘oliblarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdoridagi pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari bilan 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni arafasida tashkil etiladigan tadbirlar doirasida tantanali ravishda topshiriladi.
❗️Eslatma: G‘olib bo‘lgan ishtirokchilar keyingi uch yil davomida tanlovda qatnasha olmaydi.


