Inson salomatligini saqlash jamiyatimizning ustuvor yo’nalishlaridan biri. Tibbiyot yutuqlarini amaliyotga keng tatbiq etish, bemorlarga qulay sharoit yaratib, hayot baxsh etish insonparvarlik tamoyillarining muhim shartidir.
2019- yil 10- sentyabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida ana shunday xayrli ishlarning biri amalga oshirildi. O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi Germaniya hamkorligi (GIZ) tashkiloti, Germaniyaning rivojlanish va iqtisodiy hamkorlik federal Vazirligi bilan birgalikda “O’zbekistonda yuqori texnologik tibbiy jihozlar bilan ishlash” loyihasi asosida Andijonda tibbiy kislorod stansiyasi ishga tushirildi. Tibbiy kislorod zavodining ochilish marosimiga ADTI klinikasi xodimlari, ADTI ma’muriyati, viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari Sh. Mamajonov va Ommaviy axborot vositalari xodimlari yig’ildilar.
Kislorod zavodini ADTI rektori, professor M.Madazimov ochib berdi. Rektor o’z so’zida mamlakatimizda tibbiyotni zamon talablari darajasida isloh qilish, yuqori texnologiyali tibbiy jihozlarni amaliyotga qo’llash, vodiy aholisiga sifatli tibbiy yordam ko’rsatishga alohida ahamiyat berilayotganligini aytdi. Bunday xayrli ishda Germaniya hamkorligi tashkilotining iqtisodiy va tashkiliy ko’magi katta bo’layotganligi, ushbu yo’nalishda 30 dan ortiq mutaxassis malaka oshirib qaytganligi, endilikda ular bemorlarga malakali tibbiy yordam ko’rsatishga tayyor ekanligini mamnuniyat bilan gapirib o’tdi. 95 foizli sof tibbiy kislorod ishlab chiqarilishi tibbiyotimiz uchun juda katta yordam va muhim қulaylik bo’lganligini e’tirof etar ekan, buning uchun hamkor tashkilotlarga Andijon ahli va klinika xodimlari nomidan chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shundan so’ng, M.Madazimov tantanali ravishda ramziy lentani qirqdi. Tantanali ochilish marosimidan so’ng, mehmonlar kislorod zavodiga tashrif buyurib, bu yerdagi jarayon bilan tanishdilar. Shuningdek, mehmonlar, OAV vakillari va Germaniya hamkorligi tashkiloti xodimlari klinikaning jarrohlik bo’limlariga kirib, bu yerda tibbiy kisloroddan qanday foydalanilayotganligini ko’zdan kechirdilar.
Klinikaning endoskopik o’quv markazida viloyatdagi mutaxassis shifokorlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.