Yoshlar kuni doirasida Andijon davlat tibbiyot institutida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish hamda bitiruvchilarning kelgusidagi faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari K.Komilov, Andijon shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Shokirov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Andijon viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.Bekto'rayev, Andijon viloyati “O‘zmilliybank” AJ boshqarmasi boshlig‘i X.Xoshimov, Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov hamda viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar vakillari, talabalar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini yuzaga chiqarish va mehnat bozorida munosib o‘rin egallashida bunday yarmarkalarning ahamiyati katta ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘z kasbi bo‘yicha ishga joylashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Yarmarkada viloyatdagi 55 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasalar 1200 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilarga mavjud vakant ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari va ishga qabul qilish tartiblari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Talabalar va yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mazkur mehnat yarmarkasida 850 nafardan ortiq yoshlar faol qatnashib, o‘z mutaxassisligi va qiziqishlariga mos ish o‘rinlari bilan tanishdi. Tadbir yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kelajakda munosib kasb egasi bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladigan muhim platformalardan biri bo‘ldi.









