Bugun, 22-may kuni Ziyolilar bog‘ida tashkil etilgan “Talaba, yugur” hamda “Inson uchun” ommaviy yugurish musobaqalari yuksak saviyada o‘tkazilib, 7 mingdan ortiq ishtirokchini bir maydonda jamladi. Tadbirda talabalar, professional sportchilar, volontyorlar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda keng jamoatchilik vakillari faol qatnashib, sport va insonparvarlikning yorqin namunasini namoyon etdi.
Tadbirning eng mazmunli va ta’sirli qismlaridan biri “Inson uchun” inklyuziv yugurish musobaqasi bo‘ldi. Bir kilometr masofada tashkil etilgan yugurishda nogironligi bo‘lgan ishtirokchilar professional sportchilar bilan bir safda startga chiqib, kuchli iroda, matonat va hayotga bo‘lgan cheksiz muhabbat namunalarini ko‘rsatdilar. Ushbu loyiha sportning insonlarni birlashtiruvchi, mehr-oqibat va tenglikni targ‘ib qiluvchi buyuk kuch ekanini yana bir bor isbotladi.
“Talaba, yugur” musobaqasi esa minglab yoshlar uchun sog‘lom turmush tarziga intilish, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish va katta sport harakatining faol ishtirokchisiga aylanish imkonini yaratdi. Musobaqa davomida maydonni ko‘tarinki kayfiyat, sportga bo‘lgan qiziqish va g‘alabaga intilish ruhi qamrab oldi.
Quvonarlisi, mazkur ommaviy sport tadbirida Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ham faol ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yoshlar o‘rtasida sport madaniyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlanib, ishtirokchilarga unutilmas taassurot va yuqori motivatsiya ulashildi.











