Bugun, 26-may kuni Andijon davlat tibbiyot institutida navbatdagi Ilmiy kengash yig‘ilishi yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Unda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, fakultet dekanlari hamda Ilmiy kengash a’zolari faol ishtirok etdi.
Yig‘ilishni institut rektori ochib berar ekan, yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan barcha jamoani samimiy muborakbod etdi hamda yig‘ilish kun tartibidagi muhim va dolzarb masalalarni e’lon qildi.

An’anaga muvofiq, tadbir avvalida ilmiy unvon va darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, shuningdek, respublika va xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlar tantanali ravishda taqdirlandi. Ushbu e’tirof ilm-fan yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan ustozlar va yosh tadqiqotchilar uchun munosib rag‘bat bo‘ldi.
Yig‘ilish davomida Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor F.Rasulov tomonidan xalqaro “SCOPUS” bazasida chop etilgan ilmiy maqolalar, erishilgan natijalar va ilmiy salohiyatni yanada oshirishga qaratilgan istiqbolli rejalar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Z.Mamasoliyev esa xorijiy tillarni bilish bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarga ega professor-o‘qituvchilar to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etib, bu boradagi ijobiy ko‘rsatkichlarni alohida ta’kidladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash va komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i I.Aliboyev tomonidan institutda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘lidagi chora-tadbirlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil hisobot taqdim etildi.
Shuningdek, Markaziy ilmiy tekshirish laboratoriyasi direktori N.Qodirov tomonidan laboratoriya hamda vivariy binolarining zamonaviy imkoniyatlari, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishdagi o‘rni va kafedralar bilan hamkorlik istiqbollari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, institut faoliyatini yanada rivojlantirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.













