Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov boshchiligida 2026–2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari hamda qabul jarayoniga mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, abituriyentlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, hujjatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, qabul kampaniyasini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, adolat va xolislik tamoyillari asosida tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Rektor ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olish hamda har qanday noqonuniy harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish zarurligini alohida ta’kidladi. U qabul jarayonida inson omilini kamaytirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish va fuqarolarning murojaatlariga o‘z vaqtida javob berish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens nazorat tizimini boshqarish boʻlimi boshligʻi I.Aliboyev tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida ham atroflicha ma’lumot berildi. Ishtirokchilarga korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning ta’lim sifati va jamiyat rivojiga ta’siri haqida tushuntirishlar berilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati yetkazildi.

Tadbir yakunida barcha mas’ul xodimlarga qabul jarayonlarini qonuniylik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida tashkil etish, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda institut nufuzini yanada yuksaltirish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.






