Ma’lumki, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi yaqinda Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida qator muhim uchrashuvlar va muzokaralarda ishtirok etdi. Tashrif davomida Istanbul shahrida 120 nafardan ortiq turkiyalik tadbirkorlar, investorlar hamda yirik kompaniyalar vakillari ishtirokida nufuzli biznes-forum tashkil etildi.
Mazkur forumda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, sanoat, qurilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro manfaatli qator kelishuvlarga erishildi.
Ushbu kelishuvlar ijrosini ta’minlash hamda xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti tomonidan turkiyalik tadbirkorlar va kompaniyalar vakillari bilan amaliy hamkorlik ishlari boshlab yuborildi.
Xususan, me’morlik, zamonaviy qurilish texnologiyalari hamda tibbiyot muassasalariga investitsiyalar kiritish yo‘nalishlarida faoliyat yuritib kelayotgan Muge honim boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Ular institutda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, qurilishi davom etayotgan zamonaviy klinika binosi faoliyati bilan yaqindan tanishib, tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga institut klinikasida tashkil etilayotgan zamonaviy davolash va diagnostika bo‘limlari, xalqaro standartlarga mos ravishda jihozlanayotgan laboratoriyalar, bemorlar uchun yaratilayotgan qulay infratuzilma hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, foydalanilayotgan tibbiy uskunalar, laboratoriya jihozlari, mebel va boshqa infratuzilma vositalarining sifati, ularning xalqaro standartlarga mosligi hamda bemorlar uchun yaratilayotgan qulay muhit delegatsiya vakillari tomonidan yuqori baholandi.
Bugun Muge honim rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Andijon davlat tibbiyot institutining Onkologiya va tibbiy radiologiya kafedrasida hamda institut klinikasida bo‘lishdi. Mehmonlarni institut rektori, professor M.Madazimov kutib olib, ular bilan samimiy muloqot o‘tkazdi hamda kafedra va klinikaning ilmiy-amaliy faoliyati, zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida onkologik kasalliklarni erta aniqlash, davolash sifatini oshirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda onkologiya yo‘nalishida xalqaro tajribalarni o‘rganish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar institut klinikasining onkologiya bo‘limi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash borasida o‘zaro kelishuvga erishdilar.

Mazkur hamkorlik Andijon davlat tibbiyot institutining xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlash, tibbiyot sohasiga ilg‘or tajriba va investitsiyalarni jalb etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.






